Kontent qismiga oʻtish

Yer rentasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yer rentasi yer egaligini iqtisodiy jihatdan amalga oshirish (realizatsiya qilish)ning shaklidir. Yer rentasining bir qancha tarixiy koʻrinishlari mavjud.

Yer rentasi (nem. Rente — ortga qaytarilgan) — yer egasining oʻz yerini tabiiy resurs tarzida ijaraga taqsim etganligi uchun oladigan daromadi; bevosita qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan qoʻshimcha mahsulotning yer egalari tomonidan mulk egaligi huquqiga koʻra oʻzlashtiriladigan qismi. Q.x.da foydalaniladigan yer maydonlari tabiatan cheklanganligi sababli (inson yer resurslarini koʻpaytirishga qodir emas) barcha yerlar mustaqil tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan egallab olinadi va yerga xoʻjalik obʼyekti sifatida monopoliya vujudga keladi. Natijada yer bilan bogʻliq renta munosabatlari paydo boʻladi.

Q.x.da yer egasi foydalanuvchilardan yerdan foydalanganlik uchun toʻlov oladi, yaʼni yer egasi (davlat, shirkat, xususiy shaxs) faqat yer egasi boʻlganligi uchun yaratilgan qoʻshimcha mahsulotning bir qismini ijara haqi koʻrinishida oʻzlashtirib oladi. Davlat oladigan yer soligʻi, xususiy yer egalari yerdan foydalanganlik uchun undiradigantoʻlovlar Ye.r. hisoblanadi. Ye.r.ning , mas, barshchina (ishlab berish), obrok (natural soliq) va pul soligʻi (mas, xiroj) kabi bir qancha tarixiy koʻrinishlari bor.

Hoz. davrda Ye.r.ning asosan, differensial renta va absolyut renta koʻrinishlari mavjud. Yer uchastkalarining tabiiy va iqtisodiy unumdorligi hamda joylashgan oʻrnidagi farqlar natijasida olinadigan qoʻshimcha sof daromad — differensial renta deyiladi (qarang Differensial renta). Koʻpgina mamlakatlarda sifatidan qatʼi nazar ekin ekiladigan yerning xususiy mulk boʻlishi uni ijarachilarga foydalanish uchun berishdan muqarrar suratda daromad keltiradi.

Yer egalari yerni ishlovchi ijarachilarga foydalanish uchun ijaraga berishi va ulardan yerdan foydalanganlik uchun toʻlovlar olishi natijasida absolyut Ye.r.si vujudga keladi. Shuningdek, rentaning yana bir turi — monopol renta ham mavjud. Boshqa yerda uchramaydigan tabiiy sharoit, baʼzan noyob qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun imkoniyat yaratadi. Bunday mahsulotlar monopol narxlarda sotiladi. Bu narxlarning yuqori boʻlishi koʻpincha toʻlovga qodir talab darajasi bilan belgilanadi. Natijada monopol narxlar shunday mahsulotlarning individual qiymatidan ancha yuqori boʻlishi mumkin. Bu esa yer egalariga monopol renta olish imkoniyatini beradi (yana. q. Renta).

Risolat Ishmuratova.[1]

Masalan, uch shakldagi:

  • barshchina (ishlab berish),
  • obrok (natural soliq) va
  • pul soligʻi shakllaridagi feodal rentalari shular jumlasidandir.

Hozirgi paytda turli mamlakatlarda mavjud renta vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlariga qarab quyidagi turlarga ajratiladi:

  • absolyut yer rentasi,
  • differensial (tabaqalashgan) renta I va II,
  • monopol renta,
  • qazilma boyliklar,
  • qurilishlar joylashgan yerlardan olinadigan renta.

Rentaning mohiyatini tushunishdagi asosiy qiyinchilik tadbirkorlar oʻrtasida qayta taqsimlanmaydigan qoʻshimcha sof daromadning vujudga kelishi shart-sharoit va sabablarini ochib berilishi hisoblanadi. Bunday holat vujudga kelishining sabablaridan biri samarali xoʻjalik yuritish uchun yaroqli boʻlgan yerlarning cheklanganligi va qayta tiklab boʻlmasligida oʻz ifodasini topadi. Ikkinchi sababi — yerga yoki boshqa tabiiy resursga mulkchilik obʼekti yoki xoʻjalik yuritish obʼekti sifatidagi monopoliyaning mavjudligi hisoblanadi. Uchinchi sababi esa, koʻp mamlakatlarda qishloq xoʻjaligidagi kapital uzviy (organik) tuzilishi, yaʼni doimiy va oʻzgaruvchi kapital oʻrtasidagi nisbatning pastligi hisoblanadi. Yer uchastkalarining unumdorligi va joylashgan joyidagi farqlar natijasida vujudga keladigan qoʻshimcha daromad (qiymat)ning bir qismi renta shaklini oladi hamda u differensial renta deb ataladi. Qishloq xoʻjaligida eng muhim ishlab chiqarish vositasi — yerning miqdori va sifatini tabiatning oʻzi cheklab qoʻygan, uni inson koʻpaytirishga qodir emas.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil