Kontent qismiga oʻtish

Obodon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

ObodonEronning janubi-gʻarbiy qismidagi shahar. Huziston ostonida, Shatt ul-Arab daryosi boʻyida, Fors qoʻltigʻi qirgʻogʻidan 50 km ichkarida. Aholisi 206,1 ming kishi (1997). Okean kemalari kira oladigan port. Yiliga 30 mln.t neftni qayta ishlab beradigan yirik zavod, neft-kimyo korxonasi bor. Neft konlaridan Obodonga neft quvurlari oʻtkazilgan. Obodon orqali chetga neft va neft mahsulotlari chiqariladi. Neft instituti, xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor.[1]

Shattul-arab (daryosi)ning sharqiy yoqasida Jazira al-xizr yoki keyinchalik Abbodon deb nomlangan yarim­ orolning shimoliy qismida asos solingan. Dastlab Basra ko‘rfazi qirg‘og‘ida bo‘lgan esa-da, Shattul-arab tashigan allyuviylar sababli hozir dengizdan 50 km gacha ichkarida qolgan. Dunyoning eng katta neft tozalash korxonalariga va eksport imkonlariga ega portlaridan biridir.

VIII yoki IX asrlarda Abbod ibn Husayn ismli din olimi tomonidan bunyod etilgan shahar asoschisining nomiga monand ravishda Abadon nomini olgan, biroq bu nom 1935-yilda Rizoshohning Erondagi arabcha joy nomlarini forschalashtirish siyosati natijasida Obodonga o‘zgartirilgan. Abbosiylarning ilk davrlarida diniy markaz bo‘lgan Abadonda savdo-sotiqning ham rivoj topgani, bundan tashqari Basra hududining bo‘yra va tuz talabi shu yerdan qondirilgani ma’lum. Shattul-arab atrofidagi tuzli botqoqliklarda o‘sgan qamishlardan foydalangan holda Abadonda tayyorlangan bo‘yralar obodoniy nomi bilan dong taratgan. Misrda tayyorlangan bo‘yralarga ham keyinchalik xuddi shu nom berilgan. IX asr tarixchilaridan Nosir Xusrav[2] Abadonni „Iroqning janubidagi yashash joyi“, XIV asrlarda esa Ibn Battutadehqonchilik maydonlaridan mahrum, tuzli vohada bunyod etilgan, ichida juda ko‘plab masjid va rabotlar bo‘lgan katta qishloq[3] deya ta’riflaganlar. Ushbu ma’lumotlardan shaharning vaqt o‘tishi bilan qurilgan yillaridagi tarovatini yo‘qotgani anglashiladi. Keyinchalik atrofidagi yerlar tuzdan tozalanib, u yerda xurmo yetishtirishga imkoniyat yaratilgan.

Uzoq muddat usmoniylar hukmronligi ostida qolgan Abadon 1847-yildagi Erzurum kelishuviga asosan Eronga o‘tgan[4]

Iroq-Eron urushidan ko‘p zarar ko‘rgan bo‘lishiga qaramay neft bilan bog‘liq faoliyatlar davom ettirilmoqda. Neft bilan bog‘liq korxonalarning barchasi 1979-yil inqilobidan keyin milliylashtirilgan[5].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Nosir Xusrav. Safarnoma. 89;. 
  3. Ibn Battuta. Tuhfa. – Bayrut: 1985. I, 210;. 
  4. L. Lockhart. „Abbadan“. EI2 (Ing.). I, 5; Cevat Rüştü Gürsoy. „Abadan“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 6;. 
  5. The Middle East and North Africa 1984-1985. – London: 1984. I, 111; II, 368, 373; M. Streck. „Abbâdân“. İA. I, 8; „Abadan“. The New Caxton Encyclopyedia. – London: 1966. I, 3..