Kontent qismiga oʻtish

Birikkan egizaklar (Siam egizaklari)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Birikkan egizaklar
birikkan egizaklarning rentgen tasviri
Mutaxassislik irsiyat
Boshlanish vaqti embrionlik davridan
Davomiyligi umrbod (mustasno holatlar mavjud)
Turlari maqolaga qarang
Sabablari urugʻlangan hujayraning toʻliq boʻlinmasligi
Tashxis usullari skrining
Davolash jarrohlik, simptomatik yordam

Birikkan egizaklar (baʼzida xalq orasida Siam egizaklari deb ham ataladi[1][2]) — bachadonda qoʻshilgan egizaklar[3][4]. Juda kam uchraydigan mazkur hodisa 49 000 tadan 189 000 ta tugʻilish holatida atigi 1 ta kuzatiladi. Janubi-gʻarbiy Osiyo va Afrikada koʻrsatkichlar birmuncha yuqoriroq[5]. Siam egizaklarining yarmi oʻlik tugʻiladi va yana uchdan bir qismi 24 soat ichida vafot etadi. Tirik tugʻilgan bunday egizaklarning katta qismi ayol jinsli boʻlib, ularning nisbati 3:1 ni tashkil qiladi[5].

Birlashgan egizaklarning kelib chiqishini tushuntirish uchun ikkita nazariya mavjud. Jamoatchilik tomonidan nisbatan kengroq qabul qilingan nazariya boʻlinish nazariyasi boʻlib, unda urugʻlangan tuxum qisman boʻlinadi[6]. Endilikda Siam egizaklarining kelib chiqishi sababi deya hisoblanmotgan boshqa nazariya[6] sintez nazariyasi bo‘lib, unda urug‘langan tuxum butunlay ajraladi, ammo ildiz hujayralari (o‘xshash hujayralarni qidiradi) boshqa egizakda o‘xshash ildiz hujayralarini topadi va ularni birlashtiradi. Birlashgan egizaklar bitta umumiy xorion, platsenta va amniotik qopga ega boʻlishadi. Shuningdek, bu xususiyatlar faqatgina birlashgan egizaklarga xos emas, chunki baʼzi monozigotik, ammo qoʻshilmagan egizaklar ham bachadonda ham bu tuzilmalarni baham koʻradilar[7].

Chang va Eng Bunker (1811-1874) Siamda (hozirgi Tailand) tugʻilgan aka-uka birlashgan egizaklar edilar. Ular koʻp yillar davomida bir qancha sayohatlarni amalga oshirdilar va „Siam egizaklari“ degan nom oldilar. Chang va Englarning anomaliyasi qorin qismidan birlashib ketgan mushak, pay va umumiy jigarni oʻz ichiga olardi. Zamonaviy davrda ularni osongina ajratish mumkin edi[8]. Mazkur aka-ukalarning shon-shuhratlari va kamdan-kam uchraydigan holati tufayli „Siam egizaklari“ atamasi birikkan egizaklar atamasining sinonimi kabi boʻlib qoldi.

Birlashgan egizaklarning nima sababdan bunday tarzda rivojlanishini asoslashga harakat qiladigan ikkita nazariya mavjud. Birinchi nazariyaga koʻra bitta urugʻlantirilgan tuxum bir xil egizaklarni shakllantirish jarayonida toʻliq boʻlinmaydi. Agar zigota boʻlinishi embrion diskning rivojlanishidan ikki hafta oʻtgach sodir boʻlsa, bu birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib keladi[9]. Ikkinchi nazariyaga koʻra ikkita urugʻlangan tuxumning qoʻshilishi rivojlanish davrida sodir boʻladi.

Primitiv tugun va primitiv chiziqning qisman boʻlinishi birlashgan egizaklarning shakllanishiga olib kelishi mumkin. Bu egizaklar birlashishning tabiati va darajasiga koʻra tasniflanadi. Baʼzida monozigot egizaklar faqat umumiy teri koʻprigi yoki umumiy jigar koʻprigi bilan bogʻlanadi. Dunyoga kelgan egizaklarning turi tugun va chiziqning anomaliyalari qachon va qay darajada sodir boʻlganiga bogʻliq. Goosekoid goosekoid gomeobox oqsili (GSC) kabi genlarning notoʻgʻri ifodalanishi ham egizaklarning birlashishiga olib kelishi mumkin[10]. GSC BMP4 ingibitorlarini faollashtiradi va bosh miyaning rivojlanishini tartibga solishda yordam beradi. Laboratoriya hayvonlarida bu genning haddan tashqari yoki kam ifodalanishi boshning ogʻir malformatsiyasiga, shu jumladan, birlashgan egizaklarning ayrim turlariga oʻxshash dublikatsiyalarga olib keladi[11].

Birlashgan egizaklar, odatda, ularning tanalari birlashgan nuqtaga qarab tasniflanadi. Bunday egizaklarning eng keng tarqalgan turlari quyidagilar:

  • Torako-omfalopagusda (28 % hollarda)[6] ikki tana yuqori koʻkrakdan pastki koʻkrakka qadar birlashadi. Bu egizaklarda odatda yurak bitta boʻladi, baʼzan jigar yoki ovqat hazm qilish tizimining bir qismini ham umumiy boʻlishi mumkin[12];
  • Torakopagus (18,5 % hollarda)[6] — koʻkrakning yuqori qismidan pastki qoringacha birlashgan ikkita tana. Bunday hollarda yurak doimo qoʻshilgan boʻladi[12]. 2015-yil holatiga koʻra, umumiy yurakning ajralishi ikki egizakning omon qolishini taʼminlamaydi; birlashgan egizaklarda odatda, agar yurak ajratilsa, bir egizakni qurbon qilib, boshqa egizak omon qolishi mumkin;
  • Omphalopagus (10 % hollarda)[6] — qorinning pastki qismida birlashgan ikkita tana. Torakopagdan farqli oʻlaroq, yurak bu holatda hech qachon ishtirok etmaydi; biroq egizaklar koʻpincha umumiy jigar, ovqat hazm qilish tizimi, diafragma va boshqa organlarga ega boʻladilar[12];
  • Parazit egizaklar (10 % hollarda)[6] — asimmetrik tarzda birikkan egizaklar. Bunda bitta egizak kichik, kamroq shakllangan va boshqa egizak (omon qolish imkoniyatiga ega) yirikroq va yaxshi rivojlangan boʻladi;
  • Kraniopagus (6 % hollarda)[6] — birlashgan bosh suyagi va alohida tanalar. Bu egizaklar boshning orqa, old yoki yon tomonidan birlashishi mumkin, yuz yoki bosh suyagi tagidan birlashish kuzatilmaydi[12].

Birlashgan egizaklarning boshqa kamroq tarqalgan turlariga quyidagilar kiradi:

  • Cephalopagus — yagona birlashgan boshning qarama-qarshi tomonlarida ikkita yuz; tananing yuqori qismi birlashgan, pastki qismlari esa alohida. Bu egizaklar odatda miyaning jiddiy nuqsonlari tufayli omon qololmaydilar. Ular janiceps sifatida ham tanilganlar (ikki yuzli Rim xudosi Yanus nomidan)[12];
  • Syncephalus — bitta yuzli bir bosh, toʻrtta quloq va ikkita tana[12];
  • Cephalothoracopagus — bosh va koʻkrak qafasida birlashgan tanalar. Bu turdagi egizaklarda qarama-qarshi tomonga qaragan ikkita yuz yoki baʼzan bitta yuz va kattalashgan bosh suyagi kuzatiladi[12][13];
  • Xiphopagusda ikki tana xiphisternumga birlashgan, bu taxminan kindikdan pastki ko'krak qafasi suyagigacha qoʻshilish koʻrinishida boʻladi. Bu egizaklar jigardan tashqari, deyarli hech qanday muhim organlarga ega boʻlmaydilar[12]. Mashhur misol — Chang va Eng Bunker;
  • Ischiopagus — ikki tananing pastki yarmi birlashgan, umurtqa pogʻonasi 180° burchak ostida uchidan uchiga qoʻshilgan. Bu egizaklarning toʻrtta qoʻli, bittadan toʻrttagacha oyogʻi boʻladi. Odatda jinsiy aʼzolar va anusning umumiyligi kuzatiladi[12];
  • Omfalo-Ischiopagus — ischiopagus egizaklariga oʻxshash tarzda birlashgan, ammo omfalopagusga oʻxshash qoʻshilgan qorin bilan bir-biriga qaragan egizaklar. Bu egizaklarning toʻrtta qoʻli va bittadan toʻrttagacha oyogʻi boʻladi[12];
  • Parapagus — umumiy tos suyagi bilan yonma-yon birlashgan. Ditorasik parapagus kuzatilgan egizaklar koʻkrak qafasida emas, balki qorin va tosda birlashadilar. Diprozopik parapagus kuzatilgan egizaklarning esa bir tanasi va ikkita yuzi boʻladi. Disefalik parapagus kuzatilgan egizaklar umumiy tana, ikkita bosh va ikkita (dibrachius), uchta (tribrachius) yoki toʻrtta (tetrabrachius) qoʻlga ega boʻladilar[12];
  • Kraniopagus parasitikus kraniopagus kabi, biroq dominant boshga ikkinchi tanasiz bosh birikkan boʻladi;
  • Pigopagus yoki Iliopagus — tos suyagida birlashtirilgan ikkita tana[12];
  • Rachipagusda egizaklar tanasining orqa tomonida umurtqa yoylari va boshdan dumbagacha boʻlgan yumshoq toʻqimalarning birlashishi kuzatiladi[14].

Birikkan egizaklarni ajratish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birikkan egizaklarni ajratish boʻyicha jarrohlik amaliyoti birikish nuqtasiga va umumiy ichki organlar holatiga qarab juda osondan juda qiyin darajagacha boʻlishi mumkin. Koʻpgina ajratilish jarayonlari hayot uchun juda xavflidir. Koʻpgina hollarda operatsiya egizaklardan biri yoki ikkalasining oʻlimiga olib keladi, ayniqsa ular bosh orqali birlashtirilgan yoki umumiy muhim organga ega boʻlsalar. Bu esa jarrohlik yoʻli bilan ajratilish etikasini, yaʼni egizaklar ajratilmagan taqdirda ham omon qolishi mumkin boʻlgan etikani bahsli holatga aylantiradi. Shimoli-gʻarbiy universiteti xodimi Alice Dreger Siam egizaklarining hayot sifati odatda taxmin qilinganidan yuqori boʻlishini aniqladi[15]. Lori va George Schappell, Abby va Brittany Hensellar diqqatga sazovor misollardir.

Birlashgan egizaklarni ajratish boʻyicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot 900-yillarda Vizantiya imperiyasida sodir boʻlgan. Egizaklardan biri allaqachon vafot etgan edi, shuning uchun shahar shifokorlari oʻlgan egizakni tirik qolgan egizakdan ajratishga harakat qiladilar. Natija qisman muvaffaqiyatli boʻlgan, chunki ajratilgan egizak amaliyotdan keyin uch kun yashagan. Navbatdagi birikkan egizaklarni ajratish amaliyoti oradan bir necha asr oʻtib, 1689-yilda Germaniyada qayd etilgan[16][17]. Qoʻshilgan egizaklarning birinchi muvaffaqiyatli ajratilishi 1689-yilda Johannes Fatio tomonidan amalga oshirilgan[18]. 1955-yilda neyroxirurg Harold Voris (1902-1980)[19] va uning Chikagodagi Mersi kasalxonasidagi jamoasi kraniopagus egizaklarini (boshida birikkan) ajratish boʻyicha birinchi muvaffaqiyatli operatsiyani oʻtkazdilar, buning natijasida ajratilgan egizaklarning har ikkisi ham uzoq muddat omon qolishdi[20][21][22]. 1963-yilda kattaroq egizak qizning normal rivojlanayotgani haqida xabar berilgan, ammo kichikrogʻi umrbod nogiron boʻlib qolgan[23].

1957-yilda Bertram Katz va uning jarrohlik guruhi xalqaro tibbiyot tarixida muhim hodisaga qoʻl urdilar va dunyodagi birinchi muhim umumiy organga ega boʻlgan Siam egizaklarni muvaffaqiyatli ajradilar[24]. Omphalopagus egizaklari Jon Nelson va James Edward Freeman (Johnny va Jimmy) 1956-yil 27-aprelda Ogayo shtatining Youngstaun shahrida tugʻilgan. Bu oʻgʻil bolalarning jigari umumiy, ammo yuraklari alohida edi. Ular Bertram Katz tomonidan Youngstaun shahridagi North Side kasalxonasida muvaffaqiyatli ajratildilar. Operatsiya Ogayo shtatidagi nogiron bolalarga xizmat ko‘rsatish jamiyati tomonidan moliyalashtirilgan.

Yaqin yillardagi Siam egizaklarining muvaffaqiyatli ajratilishi amaliyoti 2000-yilda Katmanduda (Nepal) tugʻilgan Ganga va Jamuna Shreshtalarning 2001-yilda ajratilishi bilan bogʻliq. Singapurda oʻtkazilgankraniopagus egizaklarining 97 soatlik operatsiyasi muhim voqea boʻldi; jamoani neyroxirurglar Chumpon Chan va Keith Gohlar boshqargan[25]. Jarrohlik natijasida Ganganing miyasi shikastlangan va Jamuna yura olmay qolgan. Oradan yetti yil oʻtib 2009-yil iyul oyida Ganga Shreshta Katmandudagi Model kasalxonasida sakkiz yoshida ogʻir koʻkrak infeksiyasini davolash uchun qabul qilinganidan uch kun oʻtib vafot etdi[26].

Maltalik birlashgan egizak chaqaloqlar Rose va Grace Attard ota-onalari Michaelangelo va Rina Attardlarning diniy eʼtirozlari tufayli Buyuk Britaniyada sud qarori bilan ajratildilar. Egizaklar pastki qorin va umurtqa pogʻonasida birlashib ketgan edilar. Operatsiya 2000-yil noyabr oyida Manchesterdagi Sent-Meri kasalxonasida boʻlib oʻtdi. Mazkur operatsiya munozarali edi, chunki kuchsizroq egizak Rose (uning yuragi va oʻpkasi Gracenikiga bogʻliq edi) operatsiya natijasida vafot etadi. Biroq, agar operatsiya oʻtkazilmaganida, ikkala egizak ham halok boʻlishi muqarrar edi[27][28]. Grace oddiy bolalikdan zavqlanish uchun tirik qoladi[29].

2003-yilda jarrohlarning operatsiya bitta yoki ikkala egizakning ham oʻlimiga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay boshidan birlashib ketgan, ammo miyalari alohida (kraniopagus) boʻlgan eronlik 29 yoshli ikki ayol Ladan va Laleh Bijanilar jarrohlik yoʻli bilan ajratildilar. Ularning murakkab ishi texnologik jihatdan ilgʻor grafik tasvirlar va modellashtirish tibbiy guruhga xavfli operatsiyani rejalashtirish imkonini berganligi sababli qabul qilindi. Ammo operatsiya davomida skanerda koʻrinmagan, aniqlanmagan katta tomir aniqlandi[30]. Ajratilish tugallandi, ammo ikkala ayol ham operatsiya paytida vafot etdi.

2019-yilda Safa va Marwa Ullah Angliyaning London shahridagi Great Ormond Street kasalxonasida ajratildilar. 2017-yil yanvar oyida tugʻilgan mazkur egizaklar boshning tepasida alohida miya va bir-biriga qarama-qarshi yoʻnalishdagi silindrsimon umumiy bosh suyagi bilan birlashgan edilar. Operatsiyani neyroxirurg Owase Jeelani va plastik jarroh professor David Dunawaylar birgalikda olib borishdi. Bir qator umumiy tomirlar va qizlarning miyasi shaklining buzilishi, ularning bir-birining ustida joylashganligi sababli operatsiyada muayyan qiyinchiliklar yuzaga keldi. Ajratishni davom ettirish uchun buzilishni tuzatish kerak boʻldi. Amaliyotda biomuhandislar, 3D modelerlar va 100 dan ortiq virtual reallik dizayneridan iborat jamoa ishtirok etdi. Ajratilish 2019-yil fevral oyida uchta alohida operatsiyadan iborat jami 52 soatlik jarrohlik amaliyotidan soʻng yakunlandi. 2019-yil iyul oyi holatiga koʻra, ikkala qiz ham sogʻlom boʻlib, ular 2020-yilda Pokistondagi uylariga qaytishni rejalashtirgan[31][32].

Nyurnberg yilnomasidan birlashgan birodarlar tasviri (1493)
Nyurnberg yilnomasidan qoʻshilgan egizak opa-singillar tasviri (1493)
Birlashgan egizaklar tasvirlangan moche keramika. Larko muzeyi kolleksiyasidan. Miloddan avvalgi 300-yil, Lima, Peru

Qadimgi Peruning Moche madaniyati eramizdan avvalgi 300 yilga oid sopol buyumlarida birlashgan egizaklarni tasvirlagan[33]. Miloddan avvalgi 415-yillarda yozilgan St. Augustine of HipponingXudo shahri“ kitobida „yuqorisi qoʻsh, lekin pastki yarmi yakka — ikkita boshi, ikkita koʻkragi, toʻrtta qoʻli, lekin bir tanasi va ikki oyogʻi“ boʻlgan odam tasviri kelgan[34].

XIX asrda yashagan Vizantiya tarixchisi Theophanes the Confessorning soʻzlariga koʻra, taxminan milodiy 385-386-yillarda Falastinning Emmaus qishlogʻida shunday bola tugʻilgan. Goʻdak kindik ostidadan mutlaqo normal tugʻilgan, lekin uning ikki boshi (ularning har biri sezgilarga ega boʻlgan) va ikki koʻkrak qafasi bor edi. „Ulardan biri yeb-ichardi, ikkinchisi yemas; biri uxlar, ikkinchisi esa hushyor edi. Ularning bir-birlari bilan oʻynagan paytlari ham boʻlgan, ikkalasi ham yigʻlab, bir-birini urishgan. Ular ikki yildan sal koʻproq yashashdi. Biri vafot etdi, ikkinchisi esa yana toʻrt kun yashadi va u ham oʻldi“[35].

Arabistonda egizak aka-uka Hashim ibn Abd Manaf va 'Abd Shamslar dunyoga keldilar. Hashimning oyog‘i egizak akasining boshiga yopishgan holda tug‘ilgan. Rivoyatda aytilishicha, ularning otasi Abd Manaf ibn Qusai oʻzining qoʻshilgan oʻgʻillarini qilich bilan ajratgan va baʼzi ruhoniylar oʻrtada oqayotgan qon ularning avlodlari oʻrtasidagi urushlarni bildiradi, deb ishonishgan (hijriy 750-yilda Banu al’Abbas va Banu Ummaya ibn 'Abd Shamslar oʻrtasida toʻqnashuvlar boʻlgan)[36]. Musulmon polimati Abu ar-Rayhon al-Beruniy o‘zining „Kitob-al-Saydana“ kitobida qo‘shilgan egizaklarni tasvirlab bergan[37].

Ingliz egizak opa-singillari Mary va Eliza Chulkhurst orqa tomondan birlashgan (pigopagus) boʻlishgan. Ular 1100-dan 1134-yilgacha (yoki 1500-dan 1534-yilgacha) yashashgan va, ehtimol, birikkan egizaklarning eng mashhur tarixiy namunasi boʻlishgan. Yana bir mashhur birikkan egizaklar shotlandiyalik aka-ukalar (1460-1488) boʻlib, ular goʻyoki dicephalus (asosan bir tanada ikkita bosh boʻlishi) turiga mansub boʻlishgan; monastirga yashash uchun yuborilgunga qadar musiqa sohasidagi qisqa martabadan zavqlangan vengriyalik pigopagus Helen va Judithlar (1701-1723) va 1829-yilda tugʻilgan Sardiniyalik tetrabrachius (toʻrt qoʻlli, bir tanali) egizak Parodi Rita va Cristinalar ham mashhurdirlar. Rita va Cristina sakkiz oyligida vafot etganlar. Ota-onalari ularni Parijda koʻrgazmaga qoʻyishgan, ular katta qiziqish uygʻotishgan.

Shimoliy Karolina shtatidagi Airy togʻi yaqinidagi Eng va Chang Bunkerlarning qabri

XIX asrda bir nechta birikkan egizaklar yashab, oʻzlari uchun sahna sanʼatida martaba yaratdilar, ammo ularning hech biri Chang va Eng kabi shon-sharaf va boylikka erisha olmadi. Eng mashhur pigopagus egizaklar Millie va Christine McCoy (yoki McKoy) 1851-yilda Shimoliy Karolinada qullikda tugʻilganlar. Ular tugʻilganda shoumen J.P. Smithga sotilgan, ammo tez orada raqib shoumen tomonidan oʻgʻirlab ketilgan. Oʻgʻirlab ketuvchi Angliyaga qochib ketadi, ammo qullikning oldi olinadi, chunki Angliya allaqachon qullik taqiqlab qoʻyilgan edi. Smith qizlarni olish uchun Angliyaga yoʻl oladi va oʻzi bilan ularning onasi Monimiani olib keladi. Smith rafiqasi bilan egizaklarga taʼlim berib, ularga besh tilda gapirish, musiqa chalish va qo‘shiq aytishni o‘rgatgan. Hayotining keyingi davrida egizaklar „Ikki boshli bulbul“ sifatida muvaffaqiyat qozonishdi va Barnum sirkida koʻrinish berishdi. 1912-yilda ular sil kasalligidan bir-birlaridan 17 soatlik farq bilan vafot etdilar.

Italiyaning Lokana shahridan boʻlgan Giovanni va Giacomo Toccilar Mark Twainning „Oʻsha gʻayrioddiy egizaklar“ qissasida xayoliy egizaklar Angelo and Luigi sifatida abadiylashtirildilar. 1877-yilda tugʻilgan Toccilar dicephalus tetrabrachius egizaklari boʻlib, ularning ikkita oyogʻi, ikkita boshi va toʻrtta qoʻli, bitta umumiy tanasi bor edi. Tugʻilganidan boshlab ular ota-onalari tomonidan mashq bajarishga majbur qilinganlar, biroq hech qachon yurishni oʻrganmaganlar, chunki har bir egizak bir oyoqni boshqargan (zamonaviy davrda fizioterapiya Toccilar kabi egizaklarga mustaqil ravishda yurishni oʻrganishga imkon beradi). Ular shou-biznesni yoqtirmaganlari aytiladi. 1886-yilda Qoʻshma Shtatlar boʻylab gastrol safaridan soʻng egizaklar oilasi bilan Yevropaga qaytib kelishadi. Garchi baʼzi manbalarda 1940-yilgacha Italiyada yolgʻiz yashab omon qolishganliklari haqidagi qaydlar uchrasa-da, ular oʻsha paytda vafot etganlar deb ishoniladi.

Taniqli shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asr va undan oldin tugʻilganlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Chang va Eng Bunker, fil suyagidagi akvarel, 1835 yoki 1836-yil
  • Kentdan (Angliya) boʻlgan Biddenden xizmatkorlari nomini olgan Mary va Eliza Chulkhurstlar (rivoyatlarga koʻra, XII asrda tugʻilgan)[38]. Ular ismlari maʼlum boʻlgan (taxminlarga koʻra) birikkan egizaklarning eng qadimgi namunalaridir;
  • Lazarus va Joannes Baptista Colloredolar (1617-1646 yildan keyin), autozit va parazit juftligi;
  • Helen va Judith (Vengriya, 1701-1723-yillar), pigopagus;
  • Chang va Eng Bunker (1811-1874). Bunker egizaklari Siamda (hozirgi Tailand) tugʻilgan va siam egizaklari iborasi ularning holatidan olingan;
  • Millie va Christine McCoy (1851-yil 11-iyul — 1912-yil 8-oktyabr), qiyshiq pigopagus. McKoy egizaklari AQShning Shimoliy Karolina shtati Columbus okrugida qullikda tug‘ilgan. Ular „Ikki boshli bulbul“ va „Dunyoning sakkizinchi mo''jizasi“ nomlarini oldilar va katta martabaga erishdilar;
  • Giacomo va Giovanni Battista Tocci (1875? — 1912?), dicephalus tetrabrachius dipus;
  • Josefa va Rosa Blazek (1878-yil 20-yanvar — 1922-yil 30-mart)[39], pygopagus[40]. Blazek egizaklari Bogemiyaning Skrejsov shahrida (hozirgi Chexiya) tug‘ilgan[40]. Ular 13 yoshida ommaviy koʻrgazmalarda chiqishni boshlaydilar va keyinchalik ularning harakatlariga Rozaning oʻgʻli Frans qoʻshiladi. Opa-singillar Illinois shtatining Chikago shahrida vafot etdilar[41].

XX asrda tugʻilganlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Brightonlik Daisy va Violet Hiltonlar (1908-1969), pigopagus. Hilton egizaklari musiqa asboblarida chalib, qoʻshiq kuylagan va raqsga tushgan ijrochilar edilar. Oʻzlarining karyeralarining eng yuqori choʻqqilarida ular vodvildagi eng yuqori maoshli aktyorlar edilar[42]. Shuningdek, ular Freaks va Chained for Life filmlarida ham koʻrinish berganlar;
  • Samaralik Lucio va Simplicio Godinalar (1908-1936);
  • Moskvalik Masha va Dasha Krivoshlyapovalar (1950-2003), birlashgan egizaklarning eng kam uchraydigan shakli, disefalus tetrabrachius tripusning kam sonli holatlaridan biri (ikki bosh, toʻrt qoʻl, uch oyoq);
  • Ogayo shtatidan Ronnie va Donnie Galyonlar (1951-2020), omfalopagus; dunyodagi eng uzoq umr koʻrgan egizaklar (68 yoshu 250 kun);
  • Muneynelik Tjitske va Folkje de Vrieslar (1953-yilda tugʻilgan);
  • Wariboko va Tamunotonye Davies, 1953-yil 25-iyulda Nigeriyaning Kano shahrida tugʻilgan. Londonda Ian Aird boshchiligidagi jamoa tomonidan ajratilgan. Tamunotonye operatsiyadan keyin vafot etgan. Wariboko hamshira darajasiga erishgan[43];
  • Lori va George Schappellar, 1961-yil 18-sentyabrda Pensilvaniya shtatining Reading shahrida tugʻilgan, amerikalik koʻngilochar chiqish qiluvchi kraniopagus. 2022-yil holatiga koʻra, ular dunyodagi eng yoshi katta birikkan egizaklardir[44];
  • Ganga va Jamuna Mondal hindistonlik 1969 yoki 1970-yilda tugʻilgan birikkan egizaklar. Ular professional ravishda „Oʻrgimchak qizlari“ va „Oʻrgimchak opa-singillari“ nomi bilan tanilgan. Ischiopagus;
  • Anna va Barbara Rozyckilar (1970-yilda tugʻilgan), muvaffaqiyatli ajratishga erishilgan birinchi birikkan egizaklar;
  • Ma Nan Soe va Ma Nan San (1971-yilda Myanmada tugʻilgan). 1971-yil iyul oyida Yangon pediatriya kasalxonasida ajratilishdi. Ular koʻkrakdan qoringacha birikkan edilar. Ma Nan San operatsiyadan bir oy-u yetti kun oʻtib vafot etdi;
  • Elisa va Lisa Hansen, Ogden, Yuta (1977-2020). 1977-yil 18-oktyabrda kraniopagus anomaliyasi bilan tugʻilganlar. Ular 1979-yilda 16 soatlik jarrohlik amaliyotidan soʻng ajratilishdi va ilk marotaba ikkalasi ham operatsiyadan keyin omon qolishdi;
  • Sherozlik Ladan va Laleh Bijanilar (1974-2003-yillar). Singapurda ajratish operatsiyasi paytida vafot etdilar. Kraniopagus;
  • Qizcha A va Qizcha B (1977-yilda Nyu-Jersida tugʻilgan) bitta olti kamerali yurakka ega edilar. C. Everett Koop boshchiligida amalga oshirilgan ajratish operatsiyasi Qizcha Aning darhol sodir boʻlgan oʻlimi bilan yakunlandi; ogʻir axloqiy va diniy qarashlar mahalliy gazetalarda sezilarli sezonansga sabab boʻldi. Qizcha B 3 oy davomida tirik qoldi[45];
  • Viet va Duc Nguyen 1981-yil 25-fevralda Vyetnamning Kon-Tum provinsiyasida tug‘ilgan (ischiopagus) va 1988-yilda Xoshimin shahrida ajratilganlar. Viet 2007-yil 6-oktyabrda vafot etgan;
  • Tanzaniyalik Mariya va Consolata Mwakikutilar (1986?-2018) birikkan qorin boʻshligʻi biln dunyoga kelishgan. Koʻkrak qafasining anormal, operatsiya qilib boʻlmaydigan deformatsiyasidan kelib chiqqan nafas olish muammolaridan vafot etganlar[46];
  • Patrick va Benjamin Binder 1987-yilda Ben Carson boshchiligidagi shifokorlar guruhi tomonidan ajratilgan. Kraniopagus;
  • 1987-yilda tugʻilgan Andrew va Alex Olson 1988-yil aprel oyida Nebraska universiteti tibbiyot markazida ajratildilar. Omfalopagus. Alex 2018-yilda vafot etdi;
  • Katie va Eilish Holton, 1988-yil avgustda Irlandiyada tugʻilgan. Ketie 3,5 yoshida yurak tutilishi tufayli ajralishdan keyin vafot etgan;
  • Abigail va Brittany Hensel 1990-yil 7-martda Minnesota shtatining Karver okrugida tug‘ilgan disefalik parapagus egizaklaridir. Ikkalasi ham 2012-yilda Bethel universitetining Sent-Pol universitetini bitirib, oʻqituvchi sifatida ishga yollangan;
  • Tiesha va Iesha Turner (1991-yilda Texasda tugʻilganlar), 1992-yilda Texasning Hyuston shahridagi Texas bolalar kasalxonasida ajralishdi. Omfalopagus;
  • Ashley va Ashil Fokeer, 1992-yil 2-noyabrda Mavrikiyda tugʻilgan[47];
  • Jozeph va Luka Banda (1997-yil 23-yanvarda Zambiyada tugʻilgan), 1997-yilda Janubiy Afrikada Ben Carson tomonidan ajratilgan (keyinroq 2001-yilda bosh suyagini sunʼiy ravishda yopish uchun aralashuv bilan). Kraniopagus;
  • José Armando va José Luis Cevallos Herrera 1999-yil sentyabr oyida Ekvadorning Milagro shahrida tugʻilgan. Ular 2021-yilda Milagro davlat universitetiga qabul qilingan[48];
  • Maria del Carmen Andrade Solis va Maria Guadalupe Andrade Solis (Karmen va Lupita nomi bilan mashhur) 2000-yil iyun oyida Meksikaning Verakrus shahrida tugʻilgan. Keyinchalik ular ota-onalari bilan tibbiy maqsadlarda Qoʻshma Shtatlarga koʻchib ketishgan[49].

21-asrda tugʻilganlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Birikkan egizak qoʻzilar
  • Carl va Clarence Aguirre 2002-yil 21-aprelda Silay shahrida vertikal kraniopagus bilan tugʻilgan. Ular 2004-yil 4-avgustda muvaffaqiyatli ajratilganlar[50];
  • Germaniyaning Lemgow shahridan Tabea va Lea Blocklar 2003-yil 9-avgustda boshlarining tepasida qoʻshilgan kraniopagus egizaklari sifatida dunyoga keldilar. Qizlar bir nechta umumiy asosiy tomirlarga ega edilar, ammo ularning miyalari alohida edi. Egizaklar 2004-yil 16-sentyabrda ajratildilar, Tabea 90 daqiqadan soʻng vafot etdi[51];
  • Hindistonning Amritsar shahridan Sohna va Mohna. 2003-yil 14-iyunda Nyu-Dehlida tugʻilgan. Ularda ikkita yurak, ikkita qoʻl, alohida buyraklar va orqa miya bor edi. Jigar, o't pufagi va oyoqlar umumiy boʻlgan[52];
  • Anastasiya va Tatyana Dogaru Rimdan tashqarida, Italiyaning Latsio shahrida 2004-yil 13-yanvarda tugʻilgan. Kraniopagus egizaklari hisoblanishgan. Tatyananing boshining tepasi Anastasiyaning boshining orqa tomoniga birikkan boʻlgan;
  • Lakshmi Tatma (2005-yilda tugʻilgan) Hindistonning Bihar shtatidagi Araria tumanida tugʻilgan ischiopagus birikkan egizaklari edi. Toʻrtta qoʻli va toʻrt oyogʻi va umumiy boshi boʻlgan bu egizaklar boshsiz rivojlanmagan parazit egizak bilan tos suyagiga qoʻshilish natijasida paydo boʻlgan[53];
  • 2005-yilda trisefaliya, tetrabrachius va tetrapus parapagothoracopagus sifatida tavsiflangan birlashgan uchliklar toʻplami aniqlandi va homiladorlik 22 haftada toʻxtatildi[54];
  • Kendra va Maliyah Herrin, ischiopagus egizaklari. 2006-yilda 4-yoshida ajratildilar[55];
  • Kanadalik egizaklar Krista va Tatiana Hogan boshlari bilan birlashgan edilar. 2006-yil 25-oktyabrda tugʻilgan mazkur egizaklarda miyaning bir qismi umumiy edi. Ular hissiy maʼlumotlar va fikrlarni bir-biri bilan boʻlishishi mumkin boʻlgan;
  • Bangladeshlik Trishna va Krishna 2006-yil dekabr oyida tugʻilgan. Ular kraniopag egizaklari boʻlib, bosh suyagining tepasida birlashgan va oz miqdordagi miya toʻqimasi umumiylashgan. 2009-yilda ular Avstraliyaning Melburn shahrida ajratildilar[56];
  • Maria va Teresa Tapiya 2010-yil 8-aprelda Dominikan Respublikasida tugʻilgan. Jigar, oshqozon osti bezi va ingichka ichaklarining bir qismi umumiy boʻlgan. Ajratilish amaliyoti 2011-yil 7-noyabrda VCUdagi Richmond bolalar kasalxonasida amalga oshirilgan;
  • Aung Myat Kyaw va Aung Xant Kyaw (2011-yil may oyida tugʻilgan, Mandalay, Myanma), tos suyagida birikkan;
  • Jesus va Emanuel de Nazare 2011-yil 19-dekabrda Braziliyaning Para shahrida tug‘ilgan disefalik parapagus egizaklaridir;
  • Zheng Xan Wei va Zheng Xan Jing 2013-yil 11-avgustda Xitoyda tugʻilgan. Ularning sternum, perikard va jigarlari umumiy boʻlgan. 2014-yilda ular Xitoyning Shanxay shahridagi Shanxay bolalar tibbiyot markazida ajratilgan[57][58];
  • Asa va Eli Hamby 2014-yilda Jorjiyada tug‘ilgan, ammo tug‘ilgandan keyin ikki kun o‘tmay yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan. Egizaklar ikki boshli, ammo tanasi, qoʻllari va oyoqlari birlashgan parapagus edi. Ularning umurtqa pogʻonalari alohida edi, ammo umumiy yurak tugʻruqdan keyingi operatsiyalarni imkonsiz qildi;
  • Jadon va Anias McDonald 2015-yil sentyabr oyida tugʻilgan. Bosh birlashib ketgan. 2016-yil oktyabr oyida James T. Goodrich tomonidan Montefiore tibbiyot markazining bolalar kasalxonasida muvaffaqiyatli ajratilgan[59][60];
  • Erin va Abby Delaneylar 2016-yil 24-iyulda Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida tugʻilgan. Bosh birlashib ketgan. Ular 2017-yil 16-iyun kuni Filadelfiya bolalar kasalxonasida muvaffaqiyatli ajratildilar[61];
  • Marieme va Ndeye Ndiaye, 2017-yilda Senegalda tugʻilgan egizak qizlar. 2019-yildan Buyuk Britaniyaning Kardiff shahrida yashaydilar[62].
  • 2017-yil 17-yanvarda Pokistonning Hayatobod shahrida tug‘ilgan egizak qizlar Safa va Marwa Bibilarning boshi birlashgan edi. 2019-yil fevral oyida Great Ormond Street kasalxonasida muvaffaqiyatli ajratildilar;
  • Callie va Carter Torreslar 2017-yil 30-yanvarda Texasning Blackfoot shtatida tugʻilgan. Ular Omphalo-Ischiopagus birikkan egizaklar boʻlib, tos boʻshligʻi bilan qoʻshilgan va qorin boʻshligʻidan pastga barcha aʼzolarni bitta oyogʻi bilan boʻlishgan[63][64];
  • Yiğit va Derman Evrensel, 2018-yil 21 iyunda Antaliyada tugʻilgan egizak oʻgʻil bolalar. Ular kraniopagus egizaklari boʻlib, 2019-yilda Great Ormond Street kasalxonasida Safa va Marwa Bibini ajratgan jarrohlar tomonidan ajratilganlar[65][66];
  • Ervina va Prefina 2018-yil 29-iyunda Markaziy Afrika Respublikasida tugʻilgan. Ular 2020-yil 5-iyun kuni Italiyaning Rim shahridagi Bambino Gesù pediatriya kasalxonasida ajratildilar[67].
  • Mercy and Goodness Ede 2019-yil 13-avgustda tugʻilgan, koʻkrak va qorin birlashib ketgan. 2019-yil noyabr oyida Nigeriyaning Abuja shahridagi Milliy kasalxonada muvaffaqiyatli ajratilgan[68].
  • Marie-Cléa va Marie-Cléanne Papillon 2019-yilda Mavrikiyda tugʻilgan[69]. Boʻyindan qoringacha yetti kamerali yurak bilan birlashgan[70]. Marie-Cléa ajratish operatsiyasidan omon qolmagan[71].
  • Susannah va Elizabeth Castle 2021-yil 22-aprelda tugʻilgan. Ular 2021-yil 10-dekabrda Pensilvaniya shahrida ajratilganlar[72].

Madaniy hayotda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birikkan egizaklar bir nechta diqqatga sazovor koʻngilochar hodisalarning diqqat markazida boʻlgan, jumladan:

  • "Stuck on You" (2003) filmi aka-uka Farrelylar tomonidan yozilgan va rejissyorlik qilingan, Matt Damon va Greg Kinnearlar Siam egizaklari rolini o‘ynagan.
  • Alone. Singlisi Ployning oʻlimi va ularning keyingi ajralishidan soʻng Pimning hayotini aks ettirgan Tailand qoʻrqinchli filmi.
  • The Addams family teleserialida Addams oilasining ikki boshi borligi aytilgan oila aʼzolari boʻladi. "Ona Lurch Addams oilasiga tashrif buyuradi" asarida Morticia Addams yelkasida ikkita boshi bor amakivachchasi Slimy borligini eslatib oʻtadi. "Taraqqiyot va Addams oilasi" filmida Morticia amakivachchasi Platon uchun trikotaj shlyapa yasayotganida Gomez Addams uning chap boshi 6 oʻlchamda va oʻng boshi 8 3/4 oʻlchamda ekanligini aytadi. „Lurchning kichik yordamchisi“da Morticia erkak va ayol boshi boʻlgan amakivachchasi Krimpning portretini yaratdi.
  • Tamil aktyori Suriya 2012-yilgi “Maattrraan” filmida egizaklar Vimalan va Akilanni tasvirlaydi.
  • Kanadalik yozuvchi Lori Lansensning 2005-yilda nashr etilgan „Qizlar“ kitobi kanadalik kraniopag egizaklari Rose va Rubi Darlenning slovakiyalik boʻlgan xayoliy avtobiografiyasidir.
  • Aka-uka Farrellilarning “Stuck on You” filmi Mett Deymon va Greg Kinner tomonidan tasvirlangan birikkan egizaklar Bob va Uolt Tenorni tasvirlaydi (2003-yil).

Oʻzbekistonda Siam egizaklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2012-yilda Andijon viloyatida Fotima va Zuhra Holiyevalar dunyoga kelgan. Hozirda 9 yoshda bo‘lgan egizaklar 2017-yil Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslar muruvvat bolalar uyiga olib kelingan[73].

2021-yil 24-fevral kuni O‘zbekistonda Siam egizaklari dunyoga kelgani haqida xabar tarqaldi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nilufar Mansurova bu davrda respublikadagi birorta tug‘ruq muassasasida bunday chaqaloq tug‘ilgani qayd etilmaganini maʼlum qilgan[74].

2020-yil 27-iyun kuni Samarqand viloyatida ikki boshli chaqaloq dunyoga kelganligi haqida xabar berildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga egizaklar 6-iyul kuni vafot etganligini xabar berdi[75].

  1. „conjoined twin“ (en). Encyclopedia Britannica. Qaraldi: 2021-yil 5-noyabr.
  2. „Medical Definition of Conjoined twin“ (en). MedicineNet. 2021-yil 5-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-sentyabr.
  3. Maymon, Ron; Mendelovic, Sonia; Schachter, Morey; Ron-El, Raphael; Weinraub, Zwi; Herman, Arie (September 2005). "Diagnosis of conjoined twins before 16 weeks' gestation: The 4-year experience of one medical center". Prenatal Diagnosis 25 (9): 839–843. doi:10.1002/pd.1274. PMID 16170850. https://cris.tau.ac.il/en/publications/diagnosis-of-conjoined-twins-before-16-weeks-gestation-the-4-year. 
  4. Schiewe, Mitchel C.; Whitney, John B.; Anderson, Robert E. (February 1, 2015). "Potential risk of monochorionic dizygotic twin blastocyst formation associated with early laser zona dissection of group cultured embryos". Fertility and Sterility 103 (2): 417–421. doi:10.1016/j.fertnstert.2014.11.009. PMID 25516079. https://www.fertstert.org/article/S0015-0282(14)02355-3/fulltext. "one could predict dizygotic conjoined twins occurring less than 1 in every 4.7 billion ovulation cycles" 
  5. 5,0 5,1 Carnevale, Francisco Cesar; Borges, Marcus Vinicius; Affonso, Breno Boueri; Pinto, Ricardo Augusto de Paula; Tannuri, Uenis; Maksoud, João Gilberto (April 2006). "Importance of angiographic study in preoperative planning of conjoined twins: case report". Clinics 61 (2): 167–70. doi:10.1590/S1807-59322006000200013. PMID 16680335. 
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 6,6 Kaufman, M.H. (August 2004). "The embryology of conjoined twins". Child's Nervous System 20 (8–9): 508–25. doi:10.1007/s00381-004-0985-4. PMID 15278382. 
  7. Tao Le. First Aid for the USMLE Step 1: 2010 20th Anniversary Edition. USA: The McGraw-Hill Companies, Inc., 2010 — 121-bet. ISBN 978-0-07-163340-6. 
  8. „h2g2 – Twins – A369434“. Bbc.co.uk. Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  9. Konar, Hiralal. DC Dutta's textbook of obstetrics, Eighth, May 10, 2015 — 233-bet. ISBN 9789351527237. 
  10. Sadler, Thomas W.. Langman's medical embryology, 14th, October 29, 2018 — 124-bet. ISBN 9781496383907. 
  11. Sadler, Thomas W.. Langman's medical embryology, 14th, October 29, 2018 — 63-bet. ISBN 9781496383907. 
  12. 12,00 12,01 12,02 12,03 12,04 12,05 12,06 12,07 12,08 12,09 12,10 12,11 Burmagina. „Duplicata incompleta, dicephalus dipus dibrachius“. TheFetus.net (2006-yil 1-mart). 2009-yil 19-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-sentyabr.
  13. „Cephalothoracopagus Menosymmetro (Conjoined Twins)“. collphyphil.org. Mütter Museum, The College of Physicians of Philadelphia. 2010-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  14. Spencer, Rowena (December 1995). "Rachipagus conjoined twins: They really do occur!". Teratology 52 (6): 346–356. doi:10.1002/tera.1420520605. PMID 8711621. 
  15. Dreger, Alice Domurat. One of Us: Conjoined Twins and the Future of Normal. Harvard University Press, 2004. ISBN 978-0-674-01825-9. 
  16. „The Case of Conjoined Twins in 10th Century Byzantium“. Medievalists.net (2014-yil 4-yanvar).
  17. Montandon, Denys (2015). "The unspeakable history of Thoracopagus twins' separation". ISAPS News 9 (3): 47–48. http://denysmontandon.com/wp-content/uploads/2016/01/conjoined-twins.pdf. 
  18. Kompanje, Erwin J. O. (December 1, 2004). "The First Successful Separation of Conjoined Twins in 1689: Some Additions and Corrections". Twin Research 7 (6): 537–541. doi:10.1375/1369052042663760. PMID 15607002. 
  19. „Voris, Harold C.“. The University of Chicago Photographic Archive (1972). Qaraldi: 2017-yil 30-iyul.
  20. Stone, James L.; Goodrich, James T. (May 1, 2006). "The craniopagus malformation: classification and implications for surgical separation". Brain 129 (5): 1084–1095. doi:10.1093/brain/awl065. PMID 16597654. 
  21. „Mercy Care Firsts“. Mercy Hospital & Medical Center Chicago. 2019-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 14-oktyabr.
  22. „Separate Siamese Twins!“. Chicago Tribune (1955-yil 22-aprel). Qaraldi: 2015-yil 14-oktyabr.
  23. Voris, Harold C. (February 1963). "Cranioplasty in a Craniopagus Twin". Journal of Neurosurgery 20 (2): 145–147. doi:10.3171/jns.1963.20.2.0145. PMID 14192083. 
  24. „Dr. Bewrtram Katz, 83 – Obituary“. Vindy.com. 2013-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  25. „In Conversation with Medicine's Miracle Workers – Dr Chumpon Chan and Dr Keith Goh“. Channel News Asia Singapore (2001-yil 19-aprel). 2011-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 27-mart.
  26. „Nepali twin dies 7 years after 97-hour separation surgery“. Monsters and Critics (2008-yil 30-iyul). 2008-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan.
  27. „Siamese twin Jodie 'to go home soon'“. BBC News (2001-yil 23-aprel). Qaraldi: 2010-yil 27-mart.
  28. Appel, Jacob M. (September 2000). "Ethics: English High Court Orders Separation of Conjoined Twins". The Journal of Law, Medicine & Ethics 28 (3): 312–313. doi:10.1111/j.1748-720x.2000.tb00678.x. PMID 11210387. 
  29. „We don't know how to tell Gracie her sister died so she could live“. The Mirror (2007-yil 9-iyul). Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  30. „Wired 11.10: Till Death Do Us Part“. 2001-04-11. {{cite magazine}}: Cite magazine requires |magazine= (yordam)
  31. „The battle to separate Safa and Marwa“. BBC News. Qaraldi: 2019-yil 18-iyul.
  32. „Separating conjoined twins“ (en). www.gosh.nhs.uk. 2019-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 18-iyul.
  33. Berrin, Katherine & Larco Museum. The Spirit of Ancient Peru:Treasures from the Museo Arqueológico Rafael Larco Herrera. New York: Thames and Hudson, 1997.
  34. „CHURCH FATHERS: City of God, Book XVI (St. Augustine)“. Newadvent.org. Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  35. The Chronicle of Theophanes Confessor. Byzantine and Near Eastern History, AD 284-813. Translated with Introduction and Commentary by Cyril Mango and Roger Scott. Oxford: Clarendon Press, 1997, p. 106-107.
  36. The Life of the Prophet Muhammad: Al-Sira Al-Nabawiyya By Ibn Kathir, Trevor Le Gassick, Muneer Fareed, pg. 132
  37. A. Zahoor (1997), Abu Raihan Muhammad al-Biruni (Wayback Machine saytida 2020-02-25 sanasida arxivlangan), Hasanuddin U
  38. Bondeson, Jan (April 1992), „The Biddenden Maids: a curious chapter in the history of conjoined twins“, Journal of the Royal Society of Medicine, London: Royal Society of Medicine Press, 85 (4): 217–221, doi:10.1177/014107689208500413, PMC 1294728, PMID 1433064
  39. Hartzman, Marc. American Sideshow: An Encyclopedia of History's Most Wondrous and Curiously Stranger Performers (English). New York, NY: Jeremy P. Tarcher / Penguin, 2005 — 20–21-bet. ISBN 978-1585425303. 
  40. 40,0 40,1 "The Double Monster Rosa-Josepha Blazek". The American Naturalist 25 (298): 891–894. 1891-10-01. doi:10.1086/275418. ISSN 0003-0147. https://www.journals.uchicago.edu/doi/10.1086/275418. 
  41. Breakstone, Benjamin H. (August 1922). "The Last Illiness of the Blazek Grown-Together Twins". Illinois Medical Journal 42: 123–130. https://www.google.com/books/edition/Illinois_Medical_Journal/n3I4AQAAMAAJ?gbpv=1&bsq=breakstone%20blazek. 
  42. Miller, Sarah. Violet and Daisy: The Story of Vaudeville's Famous Conjoined Twins (English). New York: Schwartz & Wade Books, 2021 — 221-bet. ISBN 978-0593119723. 
  43. „WARIBOKO OKI @ 62: Nigeria's celebrated Siamese twin tells her life story“ (en-US). Vanguard News (2015-yil 12-dekabr). Qaraldi: 2018-yil 2-sentyabr.
  44. „6 Oldest Living Conjoined Twins in the World“ (2019-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 21-iyun.
  45. „Siamese Twins: The Surgery: An Agonizing Choice – Parents, Doctors, Rabbis In Dilemma“. Philadelphia Inquirer (reprinted) (1977-yil 16-oktyabr). 2020-yil 26-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 9-may.
  46. „Tanzanian conjoined twins die at age 21“ (en-US). CNN.com (2018-yil 4-iyun). Qaraldi: 2020-yil 9-yanvar.
  47. Vencatareddy-Nursingen. „Naissance de bébés siamois: émouvante rencontre entre les Papillon et les Fokeer“ (fr). lexpress.mu (2019-yil 8-yanvar). Qaraldi: 2019-yil 18-dekabr.
  48. „Siameses de Milagro arrancan una nueva etapa en su vida: estudiarán Trabajo Social tras obtener cupos universitarios“ (es). eluniverso.com (2021-yil 26-may). Qaraldi: 2022-yil 13-aprel.
  49. „Conjoined Twins Refuse to Be Separated Despite Doctor's Warnings“ (en-US). PEOPLE.com (2017-yil 22-aprel). Qaraldi: 2017-yil 5-sentyabr.
  50. Staffenberg, David A.; Goodrich, James T. (January 2005). "Separation of craniopagus conjoined twins: an evolution in thought". Clinics in Plastic Surgery 32 (1): 25–34. doi:10.1016/j.cps.2004.09.002. PMID 15636762. https://archive.org/details/sim_clinics-in-plastic-surgery_2005-01_32_1/page/25. 
  51. „Der Geburtstag der siamesischen Zwillinge Lea und Tabea jährt sich zum zweiten Mal“ (de). Mennonews.de (2005-yil 3-avgust). Qaraldi: 2016-yil 9-dekabr.
  52. „Punjab Assembly Election 2022: Goggles On For Secrecy, Punjab's Conjoined Twins Cast Separate Votes“. Ndtv.com. Qaraldi: 2022-yil 16-mart.
  53. „Many-limbed India girl in surgery“. BBC News (2007-yil 6-noyabr).
  54. Athanasiadis, Apostolos P.; Tzannatos, Christinne; Mikos, Themistoklis; Zafrakas, Menelaos; Bontis, John N. (June 2005). "A unique case of conjoined triplets". American Journal of Obstetrics and Gynecology 192 (6): 2084–2087. doi:10.1016/j.ajog.2004.10.622. PMID 15970906. https://archive.org/details/sim_american-journal-of-obstetrics-and-gynecology_2005-06_192_6/page/2084. 
  55. „Herrin Twins“. 2014-yil 6-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  56. „Separating Twins“. Pbs.org (2012-yil 8-fevral). Qaraldi: 2014-yil 3-avgust.
  57. Cai. „Conjoined twins to be separated“. ShanghaiDaily.com (2014-yil 15-iyul). Qaraldi: 2017-yil 15-iyun.
  58. Wang. „Conjoined girls separated in surgery“. Chinadaily.com.cn (2014-yil 18-iyul). Qaraldi: 2017-yil 15-iyun.
  59. Meghan Holohan. „Formerly conjoined twins recovering, gaining mobility after separation“ (2016-yil 14-oktyabr).
  60. Meghan Holohan. „Formerly conjoined twins are finally home 1 year after epic surgery“ (2017-yil 26-oktyabr).
  61. „Formerly conjoined twins, Erin and Abby Delaney, thriving months after separation surgery“. Children's Hospital of Philadelphia (2017-yil 22-oktyabr). Qaraldi: 2018-yil 27-noyabr.
  62. Rees, Gwyneth. „Two girls, one body“. BBC News (2019-yil 23-yanvar).
  63. „Conjoined twins in Blackfoot continue to beat the odds | The Spokesman-Review“. www.spokesman.com. Qaraldi: 2020-yil 27-iyul.
  64. „Barcroft.tv – barcroft Resources and Information“. www.barcroft.tv. Qaraldi: 2020-yil 27-iyul.
  65. „Second set of rare conjoined twins separated at Great Ormond Street Hospital in less than 12 months“ (en). www.gosh.nhs.uk. Qaraldi: 2020-yil 27-iyul.
  66. „Separation of conjoined twins in London children's hospital 'a Moses moment'“ (en). The National (2020-yil 12-iyun). Qaraldi: 2020-yil 27-iyul.
  67. Jack Guy; Sharon Braithwaite. „Twin girls, joined at the skull, successfully separated in Vatican hospital“. CNN. Qaraldi: 2020-yil 9-iyul.
  68. „Nigerian conjoined twins successfully separated by 78-member team in Abuja“ (en-US). CNN.com (2020-yil 8-yanvar).
  69. Carpayen. „Séparée de sa soeur siamoise: Cléanne ou la joie de vivre“ (fr). lexpress.mu (2019-yil 17-noyabr). Qaraldi: 2019-yil 18-dekabr.
  70. „Marie-Cléanne Papillon : Le 3e bébé siamois miraculé au monde, selon son chirurgien“ (2019-yil 28-may).
  71. „Jumelles siamoises: Marie-Cléa Papillon inhumée ce mardi“ (fr). lexpress.mu (2019-yil 26-mart). Qaraldi: 2021-yil 2-oktyabr.
  72. „Log into Facebook“ (en). Facebook. Qaraldi: 2021-yil 15-dekabr.
  73. „O'zbekistondagi yagona va ajralmas siam egizaklari“. Qaraldi: 2-sentyabr. 2022-yil..
  74. „SSV O‘zbekistonda Siam egizaklari tug‘ilgani haqidagi xabarni rad etdi“.
  75. „Samarqanddagi siam egizaklari vafot etdi“.